Toshkent shahridagi “Yoshlar press klubi”da “Modul5” loyihasining 5-soni boʻlib oʻtdi. Motivatsion platformaning bu sonida 5 ta oʻz sohasining liderlari yoshlarga muvaffaqiyatga eltuvchi 5 yoʻlni chizib berishdi.
Tajribali biznes trener Murod Aʼzamov maqsad tomon dadil qadam tashlash, kadrlar muammosi, aniq maqsad va toʻgʻri qaror qabul qilish haqida toʻxtaldi
“Bugungi kunda yuzlab tadbirkorlar Oʻzbekistonga kelyapti, hammasida kadr muammosi bor. Chunki, biz oʻzimizni koʻrsata olmayapmiz. Hammasiga ishning koʻzini biladigan hamkor kerak. Ular 100 million dollar sarmoya olib kiryapti, lekin uni toʻgʻri yoʻnaltirishga ishbilarmon kadrlar yetishmayapti. Bunda avvalo, ingliz tili va rus tilini oʻzbek tilini bilgandek bilishimiz darkor. Muhimi bilimdan toʻgʻri va maqsadli foydalana olishdir. Ilmiga amal qilgan inson boshqarishni ham biladi.
Mening muvaffaqiyatlarim formulasi quyidagicha:
Aniq maqsad+aniq ish reja+harakat+rivojlanishga intilish = muvaffaqiyat.
Siz ham aniq maqsadga yega boʻling. Ish kuchi boʻlasizmi yoki ishning boshqaruvchisi? Qarorni oʻzingiz belgilaysiz. Aniq ish rejasini tuzib, harakatni boshlang.
Atrofingizdagilarga eʼtiborli boʻling. Daromad topmoqchi boʻlsangiz, tadbirkor kishilar davrasiga intiling, ular bilan koʻproq muloqot qiling. Yoningizga faqat yaxshi odamlarni yigʻing. Atrofingizdagi odamlar sizni yo jarlikka, yoki yuksaklikka yetaklaydi. Tanlov — oʻz qoʻlingizda.